Avtomobilda yuk tashuvchilar qo‘llab-quvvatlanadi

10.09.2021

   Avtomobil transportida yuk tashuvchi tadbirkorlik sub’yektlarining avtotransport vositalari parkini yanada yangilash va modernizatsiya qilish, mahalliy yuk tashuvchilar uchun qulay raqobat muhitini yaratish, shuningdek, avtomobilda xalqaro tashuvlar sohasini rivojlantirishning ijobiy tendensiyasini saqlab qolish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 avgustda “Avtomobil transportida yuk tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5225-son qarori qabul qilindi.

    Qarorga ko‘ra, yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ishlab chiqarilganiga 7 yildan oshmagan quyidagi transportlarni 2025 yil 1 yanvargacha O‘zbekistonga import qilishda bojxona boji, utilizatsiya yig‘imi va avtotransportlarni sotib olganlik uchun avtotransport yig‘imlarining nol stavkalari qo‘llaniladi:

   - “Evro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga mos keladigan avtotransportlar (TIF TN kodlari 8701 20, 8704 22 (samosvallardan tashqari);

     - tirkamalar va yarim tirkamalar (TIF TN kodlari 8716 31, 8716 39).

    Evropa Ittifoqi mamlakatlarida ishlab chiqarilgan, ishlab chiqarilganiga 7 yildan oshmagan quyidagi transportlar 2025 yil 1 yanvargacha O‘zbekistonga import qilishda majburiy sertifikatlashdan ozod qilinadi:

   - “Evro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga mos keladigan yuk va maxsus avtotransportlar;

   - avtomobilda yuk tashish uchun foydalaniladigan tirkamalar va yarim tirkamalar.

 

Andijon viloyati transport boshqarmasi MATBUOT XIZMATI