Aholini ro‘yxatga olish

22.04.2022

  Jahon tajribasida mamlakat aholisining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, kasbi, bandligi, daromad manbai va boshqa jihatlar bo‘yicha batafsil maʼlumot to‘plashning eng samarali usuli aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish hisoblanadi. Shu bois, 2023 yilda mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbirlariga hozirdan jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

     Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘zining 2015 yildagi rezolyutsiyasiga asosan aʼzo davlatlarga har o‘n yilda kamida bir marta aholini ro‘yxatga olish amaliyotini o‘tkazishni tavsiya etadi. Xo‘sh, bu bizga nima beradi? Birinchi navbatda, respublika aholisi va uning turmush sharoiti to‘g‘risidagi ishonchli maʼlumotlar aynan aholini ro‘yxatga olish orqali shakllantiriladi. Masalan, Farg‘onada necha kishi ishsiz? Andijonda nechta oila uy-joyga muhtoj? Sirdaryoda yana nechta taʼlim muassasasi qurish lozim? Qashqadaryoda aholi xonadonlari asosan qaysi yillarda qurilgan? Toshkent shahrida aslida qancha kishi istiqomat qiladi va hokazo. Aholini ro‘yxatga olish amaliyoti shu kabi ko‘plab savollarga javob, muammolarga yechim topish imkonini yaratadi.