Aholini ro‘yxatga olish — kelajak sari yangi qadam


Mamlakat fuqarolari to‘g‘risidagi maʼlumotlar har qanday davlat milliy statistikasining muhim qismi sanaladi. Bunday maʼlumotlar maʼlum vaqt oralig‘ida aholini ro‘yxatga olish tadbirlari orqali to‘planadi. Ular nafaqat respublika, balki Yer yuzi aholisining soni, ijtimoiy holati, daromadlari kabi bir qancha muhim axborotlarni hisoblab borishga xizmat qiladi.
BMT dunyo mamlakatlariga fuqarolar bilan yuzaga keladigan bir qator ijtimoiy muammolarning yechimi hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlarning demografik ko‘rsatkichlar bilan mutanosib ravishda o‘sib borishini taʼminlash uchun har o‘n yilda kamida bir marotaba aholini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni tavsiya etadi. Afsuski, yurtimizda mustaqillikdan so‘ng keng ko‘lamda aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilmagan. Shu bois, mamlakatimizda ilk bor 2023 yilda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan aholini ro‘yxatga olish tadbiriga ayni paytda qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Aholini ro‘yxatga olish mamlakat hududida millati, elatidan qatʼiy nazar barcha insonlarni birlashtiradigan umummilliy tadbir bo‘lib, uning o‘tkazilishidan barchamiz, siyosiy qarashlarimiz va ijtimoiy mavqemizdan qatiy nazar birdek manfaatdormiz.