MUNOSABAT

23.06.2022

   Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onalik bloger Olimjon Haydarov tomonidan Andijon shahridagi avtobus yo‘nalishlarida imkoniyati cheklangan fuqarolarning jamoat transporti xizmatidan foydalanish holatini o‘rganish maqsadida o‘tkazilgan ijtimoiy tajribasi to‘g‘rsidagi videorolik tarqaldi.   

   Mazkur ijtimoiy tajriba davomida yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatayotgan avtobus haydovchilari turli bahonalar bilan nogironligi bo‘lgan shaxsning jamoat transporti xizmatidan foydalanishini rad etishganini ko‘rish mumkin.

Ushbu holat Andijon viloyati Transport boshqarmasi tomonidan nazoratga olindi. Hamda maxsus ishchi guruhi tuzilib yo‘nalishlarda o‘rganish ishlari o‘tkazildi. O‘rganish davomida “Alpomish Merosi” MChJ tomonidan yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan barcha yangi avtobuslarda pandus (apparel) uskunasi texnik soz holatda ekanligi aniqlandi.

 

Biroq korxonaga ishga yangi qabul qilingan haydovchilarning aksariyatida ushbu uskunadan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalari mavjud emasligi oydinlashdi.

 Yuqoridagi holatlarni inobatga olgan holda joriy yilning 22 aprel kuni viloyat transport boshqarmasida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda barcha toifadagi yo‘lovchilarga sifatli transport xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish, pandus (apparel) bilan jihozlangan avtobus haydovchilariga zarurat tug‘ilganda ushbu uskunadan to‘g‘ri foydalangan holda yo‘lovchilarga xavfsiz xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

 

Andijon viloyati transport boshqarmasi

AXBOROT XIZMATI