Yo‘lovchi tashishda tartib-taomilga rioya etmaslik holatlari sudda muhokama qilindi

23.08.2022

    Jinoyat ishlari bo‘yicha Izboskan tumani sudida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanayotgan fuqarolarga nisbatan viloyat transport boshqarmasi xodimlari tomonidan tuzilgan bayonnomalar ko‘rib chiqildi.

    Sir emas, yo‘lovchilarni avtomobil transportida tashish bilan shug‘ullanuvchi ayrim fuqarolar tomonidan mazkur faoliyatni litsenziyasiz amalga oshirish bilan bog‘liq qoidabuzarliklar tez-tez uchrab turadi. Ularning faoliyatini qonunga muvofiqlashtirish esa muhim vazifalardan biri.

   Chunki mazkur yo‘nalish litsenziyalanadigan faoliyat turlariga kirishi ko‘plarga ma’lum. Zero, bu jarayon haydovchilardan katta mas’uliyat, yo‘lovchilar hayoti uchun javobgarlik hissi, o‘ziga yarasha tartib-intizomni talab yetadi.

     Xususan, sudya Azamat Habibullayev raisligida o‘tkazilgan sud majlisida ham yuqoridagi jihatlar atroflicha tushuntirilib, litsenziyasiz faoliyat qonunga xilof ekanligini qayd etildi.

    Sud jarayonida 9 nafar fuqaroga nisbatan yuritilgan ma’muriy bayonnomalar ko‘rib chiqildi. Ularning 3 nafari faoliyatini belgilangan 30 kun mobaynida qonuniylashtirib olganligi bois ma’muriy ish ko‘rib chiqilishi tugatildi. Yana 6 nafariga esa belgilangan tartibda faoliyatini qonuniylashtirib olmaganligi sababli jarima choralari qo‘llandi.

 

Andijon viloyati transport boshqarmasi

AXBOROT XIZMATI