LITSENZIYALASH FAOLIYATIGA DOIR O‘ZGARISHLAR

08.02.2021

Hukumatimiz tomonidan ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni takomillashtirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Olib borilayotgan ishlar litsenziyalash va ruxsat berish tizimini liberallashtirish hamda institutsional isloh qilishning yangi bosqichini boshlash uchun mustahkam asos yaratdi.

Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish hamda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish orqali tadbirkorlik sub’yektlari faoliyati uchun yanada keng shart-sharoitlarni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020 yil 24 avgustda “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6044-sonli farmoni imzolangandi. Unga asosan yo‘lovchi tashish uchun ruxsat beruvchi ba’zi litsenziyalash turlari birlashtirildi.

Jumladan, 2021 yil 1 yanvardan boshlab litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning ayrim turlari, ya’ni yuklarni avtomobil transportida shaharda va shahar atrofida tashish faoliyati, yuklarni avtomobil transportida shaharlararo tashish faoliyatini litsenziyalash bekor qilindi. Bundan tashqari, 2021 yil 1 yanvardan boshlab litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinadigan ayrim turlari;

- yo‘lovchilarni shaharda avtobuslarda tashish,

-yo‘lovchilarni shahar atrofida avtobuslarda tashish,

-yo‘lovchilarni shaharlararo avtobuslarda tashish,

-yo‘lovchilarni shaharda mikroavtobuslarda tashish,

-yo‘lovchilarni shahar atrofida mikroavtobuslarda tashish,

-yo‘lovchilarni shaharlararo mikroavtobuslarda tashish turlari birlashtirish yo‘li bilan bekor qilindi. Yuqorida aytib o‘tilgan faoliyat turlari birlashtirilib, yo‘lovchilarni shahar, shahar atrofida va shaharlararo mikroavtobus hamda avtobuslarda tashish faoliyat turiga ruxsat berildi. Shu bilan birgalikda, yo‘lovchilarni shaharda yengil avtomobillarda tashish, yo‘lovchilarni shahar atrofida yengil avtomobillarda tashish, yo‘lovchilarni shaharlararo yengil avtomobillarda tashish uchun beriladigan litsenziya turlari birlashtirilib, yo‘lovchilarni shahar, shahar atrofida va shaharlararo yengil avtomobillarda tashish shaklida tartibga solindi.

Eslatma: Birlashtirilgan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar ularning amal qilish muddati davomida kuchda bo‘ladi va qayta rasmiylashtirilishi talab etilmaydi.

Birlashtirilgan litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat berish tartib-taomillari uchun undiriladigan davlat boji miqdori birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinayotgan faoliyat turi uchun belgilangan davlat bojining eng kam miqdordagisi saqlab qolinadi.

Andijon viloyati transport boshqarmasi MATBUOT XIZMATI