
Avtoulov boshqarishning o‘ziga xos talablari borligi barchaga ma’lum. Jumladan, transport vositasining texnik sozligi, yo‘l qoidalariga qat’iy rioya etish kabi jihatlar doimo hushyor bo‘lishni taqozo etsa, avtomashinada yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish haydovchiga ikki hissa mas’uliyat yuklaydi. Shu bois mazkur turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishda litsenziya talab qilinishi ham bejiz emas.
Yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tumani sudining ochiq sud majlisida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullangan huquqbuzarlarga nisbatan tuzilgan ma’muriy bayonnomalar ko‘rib chiqildi.
Sudya Ozodbek Ne’matillayev raisligida o‘tkazilgan sud majlisida o‘zlariga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan haydovchilarning 30 nafari yo‘l qo‘yilgan buzilishlarni huquqbuzarlik aniqlangan paytdan e’tiboran qonunda belgilangan o‘ttiz kunlik muddatda bartaraf qilib, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziya olganligi sababli, ularga nisbatan yuritilgan ma’muriy ishlar ish yuritishdan tugatilib, barchasi ma’muriy javobgarlikdan ozod qilindi.
Shuningdek, yo‘l qo‘yilgan buzilishlarni qonunda belgilangan muddatda bartaraf qilmagan 7 nafar haydovchiga nisbatan jarima choralari qo‘llanildi.
28.11.2022-yilgi ma'lumot